Bolalar yuragida “kichik anomaliyalar”: qachon xavotirga o‘rin yo‘q?
Ko‘p onalar yoki tanishlar UZI xulosasi bilan xavotirlanib yozishadi:
- Mitral klapan prolapsi
- Ochiq oval teshik (OOT)
- Qo‘shimcha xordalar (qo‘shimcha chordalar)
- Bo‘lmachalararo to‘siq anevrizmasi
Agar bolangizning UZI xulosasida shular yozilgan bo‘lsa, sizni tinchlantirish mumkin:
Bu yurak nuqsoni emas.
Bularning barchasi yurakning kichik rivojlanish anomaliyalari deb yuritiladi.
Oddiy tilda aytganda:
- bu — yurak to‘qimasi yoki tomirlar tuzilishidagi kichik o‘zgarishlar,
- ular ko‘p hollarda yurakning nasos funksiyasiga deyarli ta’sir qilmaydi.
Ko‘pchiligi:
- davolashni talab qilmaydi,
- jismoniy faollikni cheklamaydi.
Mitral klapan prolapsi
Ba’zi bemorlarda yosh o‘tishi bilan mitral klapan prolapsi progressiya qilib, mitral klapan yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Lekin bu hamma bolalarda ham uchramaydi. Shuning uchun:
- har 3–5 yilda bir marta EHoKG (UZI) nazorati yetarli.
Ochiq oval teshik (OOT)
- Normal holatda u bachadon ichidagi davrda ochiq bo‘ladi,
- tug‘ilgandan so‘ng turli vaqtda yopilishi mumkin.
O‘rtacha:
- 1 yoshda bolalarning 40–50% ida ochiq bo‘lib turishi mumkin,
- kattalarning taxminan 20% ida OOT saqlanib qoladi.
Ko‘p hollarda OOT:
- klinik simptom bermaydi,
- tasodifan UZIda aniqlanadi.
Ayrim yuqori tromboz xavfi bo‘lgan bemorlarda yoki maxsus holatlarda (emboliyalar) ahamiyat kasb etishi mumkin.
Yurak bo‘lmachalari orasidagi to‘siq anevrizmasi
- yurakning o‘ng va chap bo‘lmachalari orasidagi to‘siqning mahalliy bo‘rtib chiqishi;
- taxminan aholining 1% ida uchraydi.
Ko‘pincha:
- tug‘ma bo‘ladi,
- simptom bermaydi,
- UZIda tasodifan aniqlanadi.
Kam hollarda:
- yurak yetishmovchiligi,
- aritmiya,
- tromboz yoki insultlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Xulosa:
- Yurakning kichik anomaliyalari odatda bolaning hayoti uchun xavf tug‘dirmaydi.
- Rivojlanishi yoshiga mos bo‘ladi, jismoniy faollik cheklanmaydi.
- Asoratlar juda kam uchraydi, zarur bo‘lsa kardiolog nazorati tavsiya etiladi.