Bolalarda anemiya va temir tanqisligi
Anemiya — eritrotsitlar soni va/yoki ulardagi gemoglobin konsentratsiyasining kamayishi.
Eng keng tarqalgan sabab — temir tanqisligi, ammo anemiyaning boshqa turlari ham mavjud.
Temir tanqisligi anemiyasi (TTA) ko‘proq:
• kichik yoshdagi bolalarda;
• o‘smir qizlarda;
• reproduktiv yoshdagi ayollarda (xususan, homilador va emizikli ayollarda) uchraydi.
Odatda temirni:
• gem temir — go‘sht mahsulotlaridan;
• no-gem temir — sabzavotlar, dukkaklilar va boshqa o‘simlik manbalaridan olamiz.
Agar organizmda temir tanqisligi yoki anemiya rivojlangan bo‘lsa:
• faqat ovqat bilan to‘ldirish yetarli emas;
• albatta shifokorga murojaat qilish va temir preparatlari dori shaklida buyurilishi kerak.
Ko‘pchilik: “Gemoglobin normal — anemiya yo‘q”, deb o‘ylaydi. Ammo gemoglobin normal bo‘lsa ham, bolada yashirin temir tanqisligi bo‘lishi mumkin, bu faqat chuqurroq tahlillar orqali aniqlanadi.
Yana bir keng tarqalgan xato — laboratoriya blankalaridagi “normal” ko‘rsatkichlarga ko‘r-ko‘rona ishonish. Bolalarda normal ko‘rsatkichlar yoshga qarab sezilarli darajada farq qiladi.
Temir tanqisligi qanday oqibatlarga olib keladi?
Anemiya:
• infeksiyalarga chidamlilikni pasaytiradi;
• boshqa kasalliklar rivoji uchun fon yaratadi;
• bolalarda neyrokognitiv va motor rivojlanishni sekinlashtiradi:
o kechroq emaklash, o‘tirish, yurish, gapirish;
o diqqat, xotira va fikrlash qobiliyatining pasayishi;
o maktabda tez charchash, o‘qish samaradorligi va malakaning past bo‘lishi.
Shu sababli har 6 oyda tahlillar topshirish va defitsitlarni erta bosqichda aniqlab tuzatish juda muhim.
Profilaktika amaliyoti (xorijiy tajriba)
• Muddatida tug‘ilgan bolalarga — 4 oylikdan,
• Muddatidan oldin tug‘ilgan bolalarga — 2 haftalikdan,
agar bola faqat ona suti bilan oziqlansa, profilaktik dozada temir preparati berish amaliyoti mavjud. Temir bilan boyitilgan sun’iy aralashmalar bilan oziqlanadigan bolalarga qo‘shimcha temir kerak emas.
Anemiyani baholash uchun zarur minimal tahlillar:
• Qonning umumiy tahlili
• Zardobdagi temir
• Ferritin
• Vitamin B12
• Folat kislotasi
• C-reaktiv oqsil
Zarur bo‘lsa, shifokor qo‘shimcha tahlillarni tayinlaydi.
Muallif: Aynur Satpayeva
Instagram: doctor_satpaeva