Bolaning oylar bo‘yicha rivojlanishi: 6 oydan 12 oygacha o‘yinlar va ko‘nikmalar
6 OYGACHA
6 oygacha bo‘lgan davrda chaqaloq jadal o‘sadi va hali o‘yin uchun zarur bo‘lgan aniq ko‘nikmalarga ega bo‘lmaydi. Ammo 6 oylikdan boshlab bola atrof-muhitni o‘rganish uchun zarur bo‘lgan ko‘plab muhim ko‘nikmalarni faol egallay boshlaydi.
6-9 OYLIK CHAQALOQLAR
Yoshga xos ko‘nikmalar
Mayda motorika va muvofiqlashtirish rivoji. Bu yoshda chaqalog‘ingiz kichik o‘lchamdagi buyumlarga ongli ravishda qiziqa boshlaydi. Shu sababli sizning vazifangiz, bir tomondan, uni mayda buyumlarni yutib yuborish xavfidan himoyalash, ikkinchi tomondan esa mayda motorikani rivojlantirish uchun zarur mashg‘ulotlarni tashkil etishdir.
Maqsadli harakatlarning rivoji: 6 oyligida bola buyumlarning shunchaki xususiyatlarini o‘rganibgina qolmay, ularni maqsadiga muvofiq ishlatishga intiladi: to‘p va mashinachalarni - dumalatadi, qo‘ng‘iroqchani - jiringlatadi, barabanchani - uradi. Bolaning harakati qanday natija berishini unga ko‘rgazmali tarzda ko‘rsatish juda muhim.
Nutq rivoji: Endi chaqaloq faqat alohida bo‘g‘inlarni emas, balki mazmunli nutqqa intilishni ham boshlaydi. Shu bois unga yaqin orada birinchi so‘zlarga aylanadigan bo‘g‘inlarni o‘zlashtirishga yordam berish kerak: ma-ma-ma, pa-pa-pa, ba-ba-ba, de-de-de va boshqalar.
Mayda motorikani rivojlantirish o‘yini
Qutiga turli shakldagi o‘yinchoqlarni soling: kubiklar, sharlar, piramidkalar. Murakkabroq variantlar ham bo‘lishi mumkin - o‘yinchoq mevalar, shishkalar. Eng muhimi - ular xavfsiz bo‘lsin, agar chaqaloq ularni “tishlab ko‘rishga” qaror qilsa ham. Avval unga o‘yinchoqlarni qutidan qanday chiqarishni, keyin esa yana qutiga solishni ko‘rsating.
Maqsadli harakatlarni rivojlantirish o‘yini
Bilarmidingiz, bu yoshda bola o‘yinchoqlarni uloqtirayotganida, ko‘pincha sizni o‘yinga chorlayotgan bo‘ladi? Shu sababli bundan foydali o‘yin qilish mumkin. O‘yinchoqni ip yoki lenta bilan stulchaga, karavotga yoki manejga bog‘lang. Avval bola uni uloqtiradi, keyin siz unga ipni tortib o‘yinchoqni qayta olish mumkinligini ko‘rsatasiz. Va, albatta, yana uloqtiradi!
9-12 OYLIK CHAQALOQLAR
Yoshga xos ko‘nikmalar
Harakat ko‘nikmalarining rivoji: Bu yoshda chaqalog‘ingiz haqiqiy sportchi! Chunki u qisqa vaqt ichida turishni, tayanch bo‘ylab yurishni, keyin esa mustaqil yurishni o‘rganadi. Mutaxassislar bu davrdan boshlab bolalar maydonchalariga chiqishni tavsiya etadilar. Masalan, kichik tepalikka emaklab chiqish va sirg‘alib tushish, sizning yordamingiz bilan zinapoyaga chiqish kabi oddiy jismoniy harakatlarni o‘rgatish mumkin.
Mantiqiy tafakkur rivoji
Endi bola buyumlarni faqat maqsadiga ko‘ra ishlatibgina qolmay (masalan, bolg‘acha bilan urish, kubiklardan minora qurish), balki oddiy taqqoslashlarni ham bajara oladi: katta - kichik, to‘la - bo‘sh, bor - yo‘q.
Buning uchun ichidan nimanidir olish va ichiga nimanidir solish mumkin bo‘lgan idishlar bilan o‘yinlar yoki bir-birining ichiga joylanadigan plastik shakllar juda mos keladi.
Xotira rivoji Agar ilgari siz “xavfsiz” bekinmachoq o‘ynagan bo‘lsangiz (o‘yinchoqni yashirib, keyin chiqarish), endi murakkabroq bekinmachoqni boshlash mumkin. O‘zingiz yashirining va bolaga u ham yashirinishi mumkinligini, keyin esa albatta topilishini o‘rgating. Bu o‘yin bolaning siz va boshqa yaqin kattalardan ajralishni yengilroq qabul qilishiga ham yordam beradi.
Harakat ko‘nikmalarini rivojlantirish o‘yini
Uyda ko‘chma “sportzal” tashkil qiling. Xonaga vaqtincha yoyib, keyin yig‘ishtirib qo‘yish mumkin bo‘lgan buyumlarni tayyorlang. Masalan, bola emaklab o‘tadigan katta matoli tunnel. Bu o‘yinni ikki kishi bilan o‘ynash qulay: biri bolani yo‘naltiradi, ikkinchisi tunnelning narigi tomonidan chaqiradi. Agar ortopedik gilamchalardan yo‘lakcha yasab, bolani qo‘lidan ushlab yurgizsangiz, u buni katta zavq bilan bajaradi.
Mantiqni rivojlantirish o‘yini
O‘yinchoqlarni qutiga soling va ustini mato bilan yoping. O‘yinchoqlarni bittadan chiqarib, ularning nomini ayting. So‘ng bolaga ham shuni bajarishga imkon bering. Barcha o‘yinchoqlarni qutiga solib qo’ying, qo‘llaringizni yoyib: “O‘yinchoqlar yo‘q!” deb ayting. Keyin bolangiz bilan birga ularni yana soling: “O‘yinchoqlar bor!”
Xotirani rivojlantirish o‘yini
Ro‘molcha olib yuzingizni yoping: “mama (papa) yo‘q”. Keyin oching: “mama topildi (papa topildi)!” Bolaning karavoti ortiga yashiring: “mama qani (papa, buvi)?” Keyin chiqib: “mana mama (papa, buvi)!” deb ayting. Bolaga ham tayanchga suyanib yashirinib-chiqishni ko‘rsating. Yoki karavot, kreslo ortiga emaklab yashiring va keyin uni quvonch bilan toping.