Konditsionerlar va salomatlik
Konditsionerlar — ayniqsa issiq iqlim sharoitida zamonaviy hayotning ajralmas qismi. Biroq savol tug‘iladi: ular kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkinmi?
Menga ko‘p so‘rashadi:
“Konditsioner sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovuq havo uryapti, nega kasal bo‘lmaysiz?”
Javob: YO‘Q, kasal bo‘lmayman.
Shaxsiy fikrimcha, bizning mintaqa aholisi konditsionerlarni ortiqcha “demonizatsiya” qiladi va asossiz ravishda ulardan qo‘rqadi. Xorijiy ilmiy adabiyotlarni o‘rganar ekanman, bu mavzu asosan postsovet davlatlarida dolzarb ekani ma’lum bo‘ldi. Chet el olimlari konditsionerlarni ko‘proq uyqu sifatini yaxshilash vositasi sifatida o‘rganishgan.
Namlagich va konditsionerlarning namlantirish funksiyasi bilan bog‘liq holda Legionella pneumophila bakteriyasining tarqalishi haqida bir nechta maqolalar mavjud, biroq bunday holatlar juda kam uchraydi.
Konditsionerlarning salomatlikka ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy mexanizmlari:
1) Havoni quritish
Konditsionerlar xona namligini pasaytiradi. Bu burun va tomoq shilliq qavatining qurishiga olib kelib, rinit va yo‘tal kabi respirator muammolarni kuchaytirishi mumkin.
2) Mikroblarning tarqalishi
Namlantirish funksiyasiga ega konditsionerlar ayrim hollarda suv rezervuarlarida yashovchi Legionella pneumophila bakteriyasi manbai bo‘lishi mumkin. Ammo bu juda kam uchraydi.
3) Sovuq havoning to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqimi
Bevosita sovuq havo uch shoxli nerv (n. trigeminus) nevralgiyasini qo‘zg‘atishi mumkin, bu esa bosh og‘rig‘i, chaynash va mimik mushaklarda spazmlarga olib keladi.
Xavflarni kamaytirish uchun tavsiyalar:
- Konditsionerlarni ishlab chiqaruvchi ko‘rsatmalariga muvofiq muntazam tozalash va texnik xizmat ko‘rsatish.
- Sovuq havo oqimida uzoq vaqt o‘tirmaslik, ayniqsa astma yoki boshqa surunkali respirator kasalliklari bor shaxslarda.
- Xonani muntazam shamollatish, organizmning harorat va namlik o‘zgarishlariga moslashuvini ta’minlash.
To‘g‘ri foydalanish va to‘g‘ri parvarish aksariyat xavflarni bartaraf etadi va salomatlikka zarar yetkazmaydi.