Sifatli bolalar bog‘chasini qanday tanlash kerak
Farzandingiz uchun bolalar bog‘chasini tanlashda bog‘cha sifatini ko‘rsatuvchi bir nechta muhim mezonlarga e’tibor qaratish lozim.
1. Xavfsizlik
Bog‘chadagi xavfsizlik choralarini baholang:
Eshik yoki darvoza yopiladimi yoki istagan odam bemalol kira oladimi?
Bog‘cha bolalar uchun xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni qanchalik oldindan hisobga olgan (bolalar uchun panjaralar, zinapoyalarda sirpanmas qoplama, derazalarda cheklovchilar, hammomda bolalar yetib bora oladigan joyda kimyoviy moddalar yo‘qligi, baland shkaflarning devorga mahkamlanganligi va hokazo)?
Bir nafar kattaga bir vaqtning o‘zida nechta bola to‘g‘ri keladi?
Bolalar maydonchasida xavfsizlik qanday ta’minlanadi?
Bog‘chada favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladimi va qanchalik tez-tez?
2. Gigiyena
Bir xonada ko‘p bola bo‘lsa, virus va infeksiyalar bo‘lishi tabiiy. Sog‘liqni saqlash va infeksiyalar tarqalishining oldini olishga e’tibor bering:
Bolalar faqat suyuq sovundan foydalanadimi (antibakterial emas)?
Qog‘oz salfetkalar ishlatiladimi, sochiqlar emasmi?
Bolalar qo‘llarini qanchalik tez-tez yuvishadi (bog‘chaga kelganda, ovqatdan oldin va keyin, plastilin, bo‘yoq, suv bilan ishlagandan oldin va keyin, qum bilan o‘ynagandan so‘ng, aksirganda yoki yo‘talganda, axlat chelaklariga tekkandan keyin)?
Yotoqchalar orasidagi masofa (bir-biriga juda yaqin bo‘lmasligi kerak).
3. Muhit
Bolalar har daqiqa atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sir orqali o‘rganadi. Shuning uchun bola bo‘ladigan muhit materiallar, o‘yinchoqlar, sensor tajriba va vizual bezaklarga boy bo‘lishi lozim.
Guruhda bolalar bemalol olishi mumkin bo‘lgan material va o‘yinchoqlar yetarli ekaniga e’tibor bering (baland javonlarda yoki yopiq shkaflarda emas, past stellajlarda).
Guruh maktab sinfiga o‘xshamasligi kerak. Qator qilib qo‘yilgan partalar va doska - bolaning rivoji qanday kechishini tushunmaslik belgisidir.
Maktab dasturiga oid plakatlar (bo‘g‘inlar, o‘nliklar, yuzliklar) bolalarning mazmunsiz yodlashiga olib keladi.
4. Erkin o‘yin va muloqot
Bolalar qanchalik tez-tez o‘ynaydi va bu vaqtda tarbiyachi nima qiladi? Yaxshi bog‘chada tarbiyachilar bolalar o‘yin orqali o‘rganishini bilishadi. Erkin o‘yin - bu bolalar mashg‘ulotni o‘zlari tanlaydi, tarbiyachi esa har bir bolaga individual yordam beradi.
Bog‘chaga kelganingizda, tarbiyachi bolangiz bilan salomlashadimi, uning kayfiyati, holati, sog‘lig‘i va qiziqishlari bilan qiziqadimi, nimani yeyishni yaxshi ko‘rishini so‘raydimi - shularni kuzating.
5. Xodimlarni o‘qitish
Bog‘cha xodimlari qanchalik tez-tez o‘qitiladi? Xodimlarni o‘qitish - sifatning ajralmas qismi. Tarbiyachilarning o‘zi ham muntazam o‘qitilishi juda muhim.
Men bog‘chada e’tibor berilishi lozim bo‘lgan eng asosiy jihatlarni qisqacha yoritishga harakat qildim. Asosiy mezon - bolangiz bog‘chaga quvonch bilan boradimi, rivojlanishda o‘sish bormi va “bog‘chada nima qilding?” degan savolga qanday javob beradi. Maktabgacha yoshdagi bola uchun har bir soniya - bu o‘rganishdir.
Gauxar Kiikova, erta bolalik rivoji magistri (Missuri universiteti, AQSh), maktabgacha ta’lim sifati bo‘yicha xalqaro ekspert.
Instagram: g.kiikova